O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali o’rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi o‘tkazildi

2022-yil 18-aprel kuni “Kitobsevar millat” shiori ostida II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali o’rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Qalandar Abdurahmanov va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayevalar so‘zga chiqib, ushbu memorandum doirasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, madaniyat, ta’lim, fan sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish maqsad qilib qo‘yilgani, shuningdek, tomonlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish, ilmiy tadqiqot materiallarini raqamlashtirish va ikkala kutubxona to‘plamlaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga ko‘maklashuvchi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kabi muhim masalalar o‘rin olganligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini hamda yetakchi ilmiy ma’lumotlar bazalarida mahalliy olimlar tomonidan chop etiladigan maqolalar sifati va miqdorini oshirish maqsadida har yili Ebscohost, Web of Science core collection, Pressreader, SpringerLink, EastView, JStor hamda Proquest kabi dunyoning yetakchi xorijiy ilmiy-ta’limiy bazalarga obunalikni tashkillashtiradi. A’zolik doirasida Respublikadagi barcha kutubxonalar va ularning kitobxonlari uchun EIFL xalqaro konsorsiumining lisenziyali dasturi orqali bir nechta xorijiy elektron resurslardan imtiyozli foydalanish imkoniyatini taqdim etadi. Endilikda imzolangan memorandumga asosan universitet tinglovchilari hamda xodimlari uchun ham ushbu xorijiy bazalardan foydalanish imkoniyati yaratildi.