Qadrli vatandoshlar!
Butun islom olami qatorida dinu diyonatli, eʼtiqodi mustahkam xalqimiz katta intiqlik bilan kutib olayotgan muborak Qurbon hayiti bilan siz azizlarni, yurtimizdagi barcha musulmon ummatini chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Koʻhna tariximiz davomida yurtimizning maʼnaviy hayotida beqiyos oʻrin egallab, jamiyatimizda oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va bagʻrikenglik tamoyillarini har tomonlama barqaror etib kelayotgan bu qutlugʻ bayram barchamizga muborak boʻlsin!
Ushbu muqaddas ayyomda sizlarga, butun el-yurtimizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat tilayman.
Dunyo davlatlari qatori mamlakatimizni ham chetlab oʻtmagan ogʻir sinov – koronavirus pandemiyasi sharoitida biz Qurbon hayitining jamiyatimiz hayotidagi beqiyos oʻrni va ulkan ahamiyatini yana-da chuqur his etmoqdamiz.
Ayniqsa, bu qutlugʻ bayramning mohiyatida mujassam boʻlgan ezgu va savob ishlar qilib yashash, oʻzaro yordam, mehr-saxovat, sabru qanoat, shukronalik, tinchlik va sogʻlikni qadrlashdek ulugʻ fazilatlar bugun alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maʼnoda, aynan mana shunday muqaddas qadriyatlarimiz bugungi murakkab vaziyatda el-yurtimizga qoʻshimcha kuch-gʻayrat, chidam va bardosh ato etmoqda, desak, toʻgʻri boʻladi.
Davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan koʻrilayotgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, ming afsuski, yurtdoshlarimiz orasida ushbu kasallikdan vafot etganlar ham boʻldi. Ularning oila aʼzolari va yaqinlariga chin qalbimdan hamdardlik bildirib, barchalariga sabr-bardosh tilayman, marhumlarning oxiratlari obod boʻlishini Yaratgandan soʻrab qolaman.
Albatta, pandemiya tufayli ommaviy tadbirlarni, jumladan, Qurbon hayiti bilan bogʻliq marosimlarni jamoat boʻlib ado etishda ayrim cheklovlar vujudga kelganini mavjud vaziyat taqozosi sifatida barchamiz yaxshi tushunamiz.
Muqaddas Qurʼoni karimning bir necha oʻrinlarida xayr-ehson, ezgulikning mukofoti faqat yaxshilik ekani alohida taʼkidlangan. Bu kabi purmaʼno hikmatlar bugungi sinovli kunlarda jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va muruvvat, oʻzaro totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhitining tobora yuksalib borishida aks etmoqda.
Darhaqiqat, ushbu ogʻir sinov damlarida Alloh taoloning oʻzi ezgu va savob amallar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochib bermoqda. Xususan, pandemiya tufayli ishidan, doimiy daromad manbaidan uzilib qolgan, yordamga muhtoj insonlarga koʻmak berishni yurtdoshlarimiz oʻzlarining insoniy burchi, deb qabul qilayotgani tahsinga loyiqdir. Zero, muqaddas hadislarda keltirilganidek, haqiqiy musulmon oʻziga ravo koʻrganini birodariga ham ravo koʻradi.
Ayniqsa, halol mehnati orqasidan jamgʻargan mablagʻini qarindosh-urugʻlari, mahalladoshi yoki yurtdoshining ogʻirini yengil qilish uchun xolis niyat bilan hadya etgan, mehr-oqibatli, insof-diyonatli va jonkuyar insonlarga Yaratganning oʻzi ajru mukofotini beradi, albatta.
Ana shunday olijanob yurtdoshlarimizning saʼy-harakatlari tufayli mamlakatimizda tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati bugungi kunda tom maʼnoda qudratli kuchga aylandi.
Oʻtgan qisqa vaqt davomida ushbu Harakat doirasida amalga oshirilgan ulkan hajmdagi xayriya tadbirlari va mehr-muruvvat amallari ham shundan yaqqol dalolat beradi.
Ana shu ezgu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida hamda pandemiya davrida doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan, kam taʼminlangan, yordam va koʻmakka muhtoj aholi qatlamlarini va oilalarni hamda iqtisodiyotni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yana-da kuchaytirish maqsadida avval ajratilgan 10 trillion soʻm mablagʻga qoʻshimcha ravishda bugun men imzolagan Farmonga muvofiq, respublika byudjetidan yana qariyb 2,5 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirish belgilandi.
Shu bilan birga, jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy ragʻbatlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi – maʼrifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga koʻtarish uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.
Aziz yurtdoshlar!
Biz orzu-niyatlari pok va ulugʻ xalqmiz. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlarining: “Murodi koʻpning Haqqa itoati ham koʻp boʻladi”, degan soʻzlarida teran maʼno mujassam.
Yer yuziga Allohning rahmati yogʻilib turgan ushbu saodatli ayyomda dunyoning olis-yaqin mamlakatlaridagi barcha moʻmin-musulmon birodarlarimizni, xorijiy doʻst va hamkorlarimizni ham Qurbon hayiti bilan qizgʻin tabriklab, ularga mustahkam tinchlik, bardavom taraqqiyot tilayman.
Siz, aziz va muhtaram vatandoshlarimizni Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etaman.
Barcha pok niyatlarimiz ijobat boʻlishini, Yaratganning oʻzi yurtimizni turli balo-qazolardan asrashini, birdamlik, doʻstlik va ahillik tuygʻularimiz yana-da ziyoda boʻlishini soʻrab qolaman.
Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka hech qachon arimasin!
Ezgu intilish va ishlarimizda Alloh taolo hamisha madadkor boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti