Yangi iqtisodiy paradigma: Innovatsiyalar ruhiyati

Bugungi jadal taraqqiyot, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi Oʻzbekistonning innovatsion muhitini yanada kuchaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Albatta, bunda mutaxassis kadrlarni tayyorlash, oliy oʻquv yurtlarida innovatsion iqtisodiyot boʻyicha taʼlim dasturlarini kengaytirish, tadqiqotlarni koʻpaytirish, jamiyatda sohaga oid bilimlar, yangiliklarni targʻib qilish muhim oʻrin tutadi.

Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan iqtisodiyot fanlari doktori, professor Akram Hoshimovning “Innovatsion iqtisodiyot” darsligi ana shu ezgu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Kitob biznes gʻoya, ishlanma hamda innovatsiyalarning mohiyati va xususiyatini tushunish, ularni tasniflash, zamonaviy biznes modellarini hayotga tatbiq etish, intellektual mulk va uni muhofaza qilish, tijoratlashtirish nazariyalarini, bu boradagi ilgʻor xorijiy tajribalarni keng kitobxonlar ommasiga, soha talabalari va tadqiqotchilariga yetkazishda asqatishi muqarrar.

Yangi darslik haqida soʻz ketar ekan, avvalo, keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilgan transformatsiya jarayonlarini koʻz oldimizga keltirish joiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda izchil rivojlanib borayotgan bozor munosabatlarini eʼtiborga olgan holda iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish hayotga tatbiq etilayotgan keng koʻlamli tub oʻzgarishlarning muhim tarkibiy qismiga aylandi. Bu jarayonga nafaqat real sektor korxonalari, balki yangi, ilgʻor texnologiyalarni yaratayotgan olimlar, konstruktorlar, ishlab chiqarishda mehnat qilayotgan ixtirochi-mutaxassislar ham bevosita jalb etilmoqda.

“Innovatsion iqtisodiyot” darsligi Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida istiqbolli innovatsion ishlanmalar va startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlar bandligini ragʻbatlantirish uchun innovatsiyalar hamda ularni tijoratlashtirishda, toʻrtinchi sanoat inqilobining asosiy talablarini ilmiy asoslangan tartibda amalga oshirishda, qolaversa, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish uchun innovatsion siyosat va milliy innovatsion tizimlarni takomillashtirishda dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Kitob oliy taʼlim muassasalarining iqtisodiyot, menejment, innovatika bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari, oʻqituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va innovatsiyalar iqtisodiyoti masalalariga qiziquvchilar uchun moʻljallangan boʻlib, amaldagi davlat taʼlim standartlari va malaka talablari asosida tayyorlangan. Jarayonda mahalliy va xorijiy olimlarning sohaga oid oʻquv adabiyotlari, ilmiy materiallaridan keng foydalanilgan. Mavzular mantiqiy ketma-ketlikda bayon qilingan boʻlib, ularni bosqichma-bosqich oʻzlashtirish asosida talabada innovatsiyalarning iqtisodiy mazmun-mohiyati, mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishdagi oʻrni va ahamiyati toʻgʻrisida yetarlicha bilim hamda koʻnikmalar shakllanadi.

Darslik oʻziga xos sodda til va oʻquvchi ongiga chuqur singishga xizmat qiluvchi interfaol uslublarga tayanadi. Jumladan, mavzular bayonida dastlab unga doir savollar oʻrtaga tashlangan, keyin qisqacha sharhi berilgan. Nazariy bilimlar hayotiy misollar bilan mustahkamlangan. Mavzu savollari mahalliy va xorijiy tajribani hisobga olgan holda jadval va chizmalar yordamida batafsil yoritilgan. Har bir mavzu soʻngida qisqacha xulosalar, olingan bilimlar mohiyatini yanada oydinlashtirish uchun savollar, shuningdek, mavzuni oʻzlashtirish boʻyicha tavsiya etilayotgan adabiyotlar roʻyxati keltirilgan.

Kitobda bir-birini toʻldiruvchi mavzulardan soʻng fan boʻyicha olingan bilimlarni yanada mustahkamlash va tekshirib koʻrish uchun turli murakkablik va koʻrinishga ega test savollari majmui keltirib oʻtilgan. Shu bilan bir qatorda, talabaning iqtisodiy lugʻatini boyitish maqsadida fanga oid asosiy tushuncha va atamalar lugʻati tavsiya qilingan.

Mazkur darslik baʼzi juzʼiy nuqsonlardan xoli boʻlmasa-da, oʻquvchining iqtisodiy tafakkurini boyitishga, sohaga oid bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashga hissa qoʻshadi.

Innovatsiya — taraqqiyot zamini. Innovatsion faoliyatni rivojlantirgan davlatlar texnologik yetakchilikni qoʻlga kiritibgina qolmay, makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning ijobiy dinamikasiga ham erishmoqda. Oʻzbekistonning ham innovatsion rivojlanish boʻyicha oʻziga xos yoʻli xorijlik olimlar, soha ekspert va mutaxassislari tomonidan eʼtirof etilyapti. Xususan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti Markaziy Osiyoda yagona mamlakat sifatida ilk marta 2020-yilda mashhur Global innovatsion indeksda 93-oʻrinni band qilgan edi. 2022-yilda 4 pogʻona yuqorilab, 132 davlat orasida 82-oʻrinni egalladi.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, jadal iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish, 2030-yilgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekistonni innovatsion jihatdan taraqqiy etgan kuchli elliktalik mamlakatlar qatoriga olib chiqish vazifalari belgilangan. Demak, yuksak marralar hali oldinda. Bu esa innovatsiyalarga muttasil ravishda jiddiy yondashuvni talab qiladi.

Shundan kelib chiqqan holda “Innovatsion iqtisodiyot” kitobida innovatsiyalar tabiati oʻrganilgani, iqtisodiyotga taʼsiri tahlil qilingani, uni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari koʻrsatib berilgani qoʻllanmaning qadr-qimmati va ahamiyatini yanada oshiradi.

Qalandar ABDURAHMONOV, akademik.

 

Қаландар Абдураҳмоновнинг “Yangi iqtisodiy paradigma: Innovatsiyalar ruhiyati” номли мақоласи “Ҳалқ сўзи” газетасининг 2025 йил 9 январдаги кунги 5 (8900)  сонида чоп этилди.