Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasidagi fidoyilarga koʻkrak nishonlari tantanali topshirildi

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida fidokorona mehnat qilayotgan, yosh avlodning sifatli taʼlim olishida oʻzining zahmatli mehnati bilan namuna boʻlayotgan bir guruh soha vakillariga “Oliy taʼlim aʼlochisi” hamda “Oʻrta maxsus va professional taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishonlarini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda vazir Ibrohim Abdurahmonov, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi masʼullari, vazirlik xodimlari, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari rahbar hamda professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Tadbirni kirish soʻzi bilan ochgan I.Abdurahmonov Prezidentimiz tomonidan keyingi yillarda oʻqituvchi va murabbiylar, ilm-fan sohasi xodimlari uchun munosib sharoit yaratilayotgani, bugungi tadbir ham shu islohotlar natijasi ekanini alohida qayd etdi.

– Bugun barchamizga bilim bergan, hayot yoʻlimizni topishga katta hissa qoʻshgan, umrini yoshlar tarbiyasidek sharafli kasbga baxsh etgan, shu bilan birga shu tizimda fidoyi mehnat qilgan siz jonkuyar oʻqituvchi, murabbiy va ilm-fan zahmatkashlarni kasb bayramingiz bilan chin dildan qutlayman. Ilk bor ushbu koʻkrak nishonlarini oʻz egalariga topshirishdan mamnunman, – dedi vazir.

 Shundan soʻng, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasida vijdonan faoliyat olib borib, yosh avlodning sifatli taʼlim olishida oʻzining fidokorona mehnati bilan namuna boʻlayotgan, soha rivoji uchun oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan bir guruh fidoyilarga koʻkrak nishonlari tantanali topshirildi.

Bundan tashqari, sana munosabati bilan vazirlik markaziy apparati, hududiy boʻlinmalari hamda tizimidagi muassasa va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan bir guruh xodimlarning mehnatlari eʼtirof etilib, ularga minnatdorchilik bildirildi va esdalik sovgʻalari topshirildi.

 

 

 

 

 

 

Manba: Axborot xizmati