Qadrli yoshlar!

Sizlarni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan muborakbod etaman! Bu kun yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha butun yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilinadi, keyingi rejalar quriladi, orzularingiz roʻyobi yoʻlidagi saʼy-harakatlar yangi nafas olib kiriladi.

Yoshlar – yurtimiz kelajagi, yangi gʻoyalar va loyihalar bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etuvchi kuch. Taʼlim, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport, iqtisodiyot, umuman jamiyatimiz rivoji uchun ulkan hissa qoʻshib kelayotgan siz yoshlardan gʻururlanamiz va sizlarga ishonamiz!

Sizlar oʻz iqtidoringizni rivojlantirishingiz, sifatli taʼlim olishingiz, professional rivojlanishingiz, hayotda oʻz oʻrningizni topishingiz va baxtli boʻlishingiz uchun davlatimiz tomonidan ulkan imkoniyatlar yaratilmoqda. Yuzlab oliy taʼlim va professional taʼlim muassasalari aynan sizlarning unib-oʻsishingiz uchun faoliyat yuritmoqda, innovatsion gʻoya va loyihalaringiz qoʻllab-quvvatlanmoqda, xorijda oʻqish va malaka oshirishingiz uchun turli tanlovlar tashkil etilmoqda. Bu imkoniyatlardan foydalaning, oʻz ustingizda ishlashdan toʻxtamang, eng yuqori marralarni koʻzlang, qiyinchiliklarni zoʻr shijoat va ishonch bilan yengib oʻting!

Sizlarga oʻqishingiz, ishingiz va ijodingizga muvaffaqiyatlar tilayman! Hayotdan zavqlanib yashang, mavjud muammolarning yechimlarini topishga intiling, doʻstlar orttiring, orzu qiling va orzularingizga erishing!

Ibrohim Abdurahmonov,
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik

 

 

 

Manba: Axborot xizmati

30.06.2023