TDIU huzuridagi “Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali” ilmiy maktabida “Aholining unumli bandlik darajasi asosida kambag‘allikni baholash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Aholining unumli bandligini oshirish asosida kambag’allik darajasini baholash metodologiyasi” nomli fundamental loyiha doirasida “Aholining unumli bandlik darajasi asosida kambag’allikni baholash” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.

Davra suhbatida TDIU “Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali” ilmiy maktabi asoschisi va rahbari, O’zFA akademigi K.X. Abduraxmanov, universitet rektori, professor T.Z. Teshabayev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor, professor G.K. Abdurahmanova hamda xorijlik ekspert – Malayziyaning MARA texnologiyalar universiteti professori Dr. Rohana Ngah hamda “Aholining unumli bandligini oshirish asosida kambag’allik darajasini baholash metodologiyasi” nomli fundamental loyihasi a’zolari ishtirok etdi.

Shuningdek, mazkur tadbirda mamlakatda kambag‘allikni qisqartirishda unumli bandlik masalalarining ilmiy-nazariy asoslari tadqiq etilayotganligi, unumli va mahsuldor bandlik va uning taqchilligi hamda bunga erishish dinamikasini kompleks tadqiq etishni talab etilishi, O‘zbekistonda unumli bandlikni hisoblash ilmiy-metodologik asoslarini ishlab chiqish va tadbiq etish borasida ilmiy-amaliy asoslangan taklif va tavsiyanomalarni ishlab chiqish hozirgi kunda dolzarb masala ekanligi ta’kidlandi.


Bundan tashqari, davra suhbatida TDIU “Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali” ilmiy maktabi rahbari, O’zFA akademigi K.X. Abduraxmanov muallifligida chop etilgan 10 dona “Iskusstvenniy intellekt – osnova ustoychivogo razvitiya” nomli kitoblar universitet kutubxonasi uchun TDIU rektori, professor T.Z. Teshabayevga topshirildi. 

Malayziyaning MARA texnologiyalar universiteti professori Dr. Rohana Ngah tomonidan kambag’allikni qisqartirishda Malayziya tajribasi, COVID-19 pandemiyasidan oldin va keyingi Malayziyadagi kambag’allik darajasi va hozirda mamlakatda kambag’allikni qisqartirishda davlat tomonidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar va hukumatning istiqbolli dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Suhbat so’nggida fundamental loyiha doirasidagi yechimini kutayotgan masalalarga hamkorlikda ilmiy yechim topish va kelgusida yana-da keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borish bo‘yicha kelishib olindi.